Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi
Mamlakatimizda sudlarning jamiyat hayotidagi o‘rni.
Ochiq ma'lumotlar / 2024-05-24

Mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

Mamlakatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sud tizimini izchil demokratlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hisoblanadi.

O‘tgan yillar davomida sudni hokimiyatning mustaqil va alohida tarmog‘i sifatida tashkil etish, uni o‘tmishdagi jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini muhofaza qiluvchi hamda ishonchli himoya qiluvchi davlatning chinakam mustaqil institutiga aylantirish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Ushbu islohotalarning amalga oshirilishi sud-huquq tizimi zimmasiga yuqori darajadagi mas’uliyatni yuklaydi.

Oxirgi yillar davomida mamlakatimizda sud sohasini isloh etish bo‘yicha qator muhim ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktabr kunidagi «Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4850-sonli, 2017 yil 21 fevral kunidagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4966-sonli va 2018 yil 13 iyuldagi «Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5482-sonli Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 07 dekabr kunidagi «Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6127-sonli Farmoni, 2020 yil 10 avgustdagi «Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-6041-sonli Farmoni, 2020 yil 24 iyuldagi «Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-6034-sonli Farmoni va boshqa normativ huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Ushbu Farmonlarga asosan sud sohasini isloh etishda qator vazifalar bajarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 fevral kunidagi «O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4966-sonli Farmonining e’lon qilinishi tom ma’noda sud-huquq tizimida tub o‘zgarishlarni amalga oshirilishi uchun zamin yaratdi.

Ushbu Farmonning qabul qilinishi sud tizimida ko‘p vaqtlardan beri o‘z yechimini topishi lozim bo‘lgan va to‘planib qolgan muammolar mavjud ekanligi, sud tizimida islohotlar hamda yangilanishlar joriy etilishi dolzarb masala ekanligini namoyon etdi.

Endilikda, rivojlanib borayotgan axborot asri va muhitida sud jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish, manfaatdor tomonlarni axborot bilan ta’minlash va sudlar faoliyatining yanada oshkoraligi hamda ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilishini taqazo etmoqda.

Zero, ommaviy axborot vositalari va sud hokimiyati organlari o‘rtasidagi munosabatlarning ustuvor jihatlarini to‘g‘ri belgilash, jumladan, ommaviy axborot vositalari faoliyatini sud muhokamalarida amalga oshirishning mexanizmlarini, axborot manbalarining taalluqliligi bog‘liq muammoli masalalarni hal etish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Vaholanki, fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklarini taminlash masalasi shaxsning axborot olish, axborotni va o‘z shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, bu O‘zbekistonda demokratik jamiyat asoslarini mustahkamlashning muhim sharti, ta’bir joiz bo‘lsa, tamal toshi hisoblanadi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33-moddasi ikkinchi qismida belgilanganidek, «har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega» ekanligi ham fuqarolarning axborotdan erkin foydalanishini ifoda etadi hamda sudlaning axborot sohasidagi huquqiy asosning takomillashtirilishini nazarda tutadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 81-moddasiga muvofiq, davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlatlanishi belgilab qo‘yilgan.

Zero, o‘tgan yillar mobaynida axborot sohasini huquqiy bazasini yaratilishi va takomillashtirilishi yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Xususan, avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi va unda axborot erkinligiga oid normalarning mustahkamlanishi, O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 24 apreldagi «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining 1997 yil 26 dekabrda qabul qilingan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida (yangi tahriri)»gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining 2002 yil 12 dekabrdagi «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonuni O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 11 dekabrdagi «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonuni shular jumlasidandir. Ushbu qonun hujjatlarida fuqarolarning axborot olish va undan erkin foydalanish mustahkamlab qo‘yilgandir. Masalan, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi Qonunning 11-modda («Axborot resurslaridan foydalanish»)sining birinchi qismida «Axborot resurslaridan foydalanuvchilar axborot resurslaridan erkin foydalanishda teng huquqlarga ega...» deb mustahkamlab qo‘yilgan. Bundan tashqari, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq, «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq har kim axborotni moneliksiz izlash, olish, tekshirish, tarqatish, undan foydalanish va uni saqlash huquqiga ega» deb belgilab qo‘yilishi ham aynan fuqarolarning konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan huquqlarining amalga oshirilishining in’ikosidir.

Zero, «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunda va boshqa qonun hamda qonunosti hujjatlarida axborotdan erkin foydalanish huquqi bilan birga ommaviy axborot vositalari o‘zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Bu esa, axborotning sifati oshishiga va axborot tarqatish va undan foydalanishga nisbatan mas’uliyatni oshirishga xizmat qilmoqda.

Ammo, shuni nazarda tutish lozimki, sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash alohida muhim masala hisoblanadi.

Chunki, taraflar o‘rtasida hal etilmagan nizolarni adolatni o‘rnatuvchi hokimiyat hisoblanmish sud tartibida hal etilishida u yoki bu shaxslarning (jumladan, davlat organlarining) shaxsiy, tadbirkorlik, siyosiy va boshqa huquq hamda manfaatlariga, sha’ni, qadr-qimmatiga daxl qilmaslik masalalari sudlar uchun ustivor masala hisoblanadi.

Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 2020 yil 21 fevralda «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi 04-sonli Plenum qarorining qabul qilinishi bilan ushbu muammolar o‘z yechimini topishga erishildi, deb o‘ylaymiz.

Xususan, ushbu Qarorning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 34-moddasida «davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari har kimga o‘z huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart» deb mustahkamlab qo‘yilishining amaldagi tasdig‘idir hamda fuqarolarning axborot sohasidagi huquqlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bundan tashqari, «Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasi»ning 19-moddasida ham «axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini» huquqini mustahkamlaydi[1].

Axborotni erkin olish huquqi demokratik davlatning fundamental asoslaridan birini tashkil etadi. Davlat organlari faoliyatida axborot asosiy rolga ega. Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat axborot resurslaridan bemalol foydalana olish huquqi jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning asosini tashkil etadi, shu bilan bir qatorda davlat organlari faoliyatining shaffofligi darajasini oshirish bilan birga korrupsiyaga qarshi kurashishning ham samarali vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

Mazkur Qarorning qabul qilinishi bilan sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikka o‘z vaqtida va ob’ektiv axborot berish jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratibgina qolmay, balki odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati hisoblanib, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Sud muhokamasining oshkoraligi deganda, sudlar faoliyatiga (sud muhokamasiga) doir axborotni olish huquqi, sudlarning tarkibi, tuzilmasi to‘g‘risidagi va boshqa istalgan ochiq axborotlar (davlat siri yoki boshqa muhofaza qilinadigan sirlar toifasiga kirmaydigan, shuningdek u yoki bu shaxslarning shaxsiy, tadbirkorlik, siyosiy va boshqa huquq hamda manfaatlariga, sha’ni, qadr-qimmatiga daxl qilmaydigan)ga erkin ega bo‘lish huquqi tushuniladi. Ammo, shuning bilan birgalikda, ushbu axborotlar va ma’lumotlar sud ishlarini yuritish vazifalarini amalga oshirishga xizmat qilishi va sudlov faoliyatiga biron bir tarzda aralashishga olib kelmasligi lozim.

Mamlakatimizda fuqarolarning axborot olish va tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun ham tashkiliy, ham huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, ular izchil takomillashtirilib borilmoqda. Yaratilgan barcha huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar tufayli mamlakatimizda zamonaviy milliy axborot makoni vujudga keldi.

Shu o‘rinda, sudlarda axborot sohasi (OAVlariga axborot berish, intervyu, ma’lumotlar, sud hujjatlaridan nusxalar berish va b.)ni isloh qilish hamda axborot va so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi tadrijiy islohotlarning bugungi bosqichida dolzarb masalalaridan biri, shubhasiz, sud muhokamasining oshkoraligi va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash tartibini belgilovchi qonunosti hujjatning qabul qilinishida – jamoatchilik nazoratini, sud hokimiyati va jamoatchilik o‘rtasidagi uzviy aloqani ta’minlashda OAV rolini kuchaytirishga, shuningdek, sud hokimiyati organi axborot xizmati faoliyatini faollashtirishga qaratilgan samarali huquqiy mexanizmlar yaratilishini ta’kidlab o‘tish joiz.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi Qarorining qabul qilinishi bilan – shaxslarning axborot olish huquqini ta’minlash, aholi, milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati, ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xabardorligining samaradorligini oshirishda qo‘l kelmoqda.

Bu, o‘z navbatida, yuridik va jismoniy shaxslarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqini yanada kengroq amalga oshirish imkoniyatini yaratib berish bilan birga, sudlarning, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qabul qilinayotgan qarorlar sifatini oshirish borasidagi mas’uliyatini ham ko‘p jihatdan kuchaytirmoqda.

Bundan tashqari, BMT Yevropa Iqtisodiy Komissiyasining «Axborotlardan foydalanish, atrof-muhitga taalluqli masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida, sud ishlarida jamoatchilikning qatnashishi va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi Orxussk Konvensiyasining 4-moddasi talablari ko‘ra, aholini atrof muhit holati, inson salomatligi, mulki va xavfsizligiga tahdid soluvchi holatlar haqida tezkor xabardor qilishga oid qoidalar belgilab qo‘yilgan. Qator davlatlar ushbu konvensiya va bir qator xalqaro hujjatlar asosida o‘z qonunlarini ishlab chiqishgan.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida»gi Qarorining qabul qilinishi, avvalambor, har kimning qonun bilan ta’qiqlanmagan, sudlar faoliyati, sud muhokamasi to‘g‘risidagi axborotni erkin va moneliksiz izlash, olish, tadqiq etish, uzatish hamda tarqatishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilishi bilan birga, sud hokimiyati organlari faoliyatining, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning, sudlar faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini, mamlakatimiz va xorijda kechayotgan voqea-hodisalar xususida fikrlar xilma-xilligi va siyosiy plyuralizmni hisobga olgan holda, taminlashi zarur.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida «Men bir fikrni takrorlashdan charchamayman: xalqimiz hamma narsadan ustun qo‘yadigan adolatni hayotimizda tom ma’noda qaror toptirish eng asosiy vazifamizga aylanishi shart» deb ta’kidlagani xalqni davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini orttirishdek murakkab vazifani bajarishni, sud organlarini chinakam «adolat qo‘rg‘oni» nomini oqlashni talab etadi.

 

Qumqo‘rg‘on tumanlararo iqtisodiy sudi devonxona mudiri S.Jalilov

[1] БМТ Бош Ассамблеянинг 1948 йил 10 декабрдаги 217А (III)-сонли резолюцияси билан қабул қилинган ва эълон қилинган.

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
5 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?

Ўзбекистон Республикаси герби    Ўзбекистон Республикаси байроғи   Ўзбекистон Республикаси мадҳияси